Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadigan munosabatlarni ayting?
Ushbu Kodeks xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning asosiy prinsiplarini sanang
taraflar va ularning vakillari tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga rioya etish;
taraflar vakillarining vakolatliligi;
taraflarning teng huquqliligi;
taraflar manfaatlarining hisobga olinishi;
taraflarning shartnoma asosidagi munosabatlarda ishtirok etishdan manfaatdorligi;
mehnat va mashg‘ulot sohasiga kiradigan masalalarni tanlash hamda muhokama qilish erkinligi;
taraflar tomonidan majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishning ixtiyoriyligi;
taraflar o‘z zimmasiga olayotgan majburiyatlarning haqiqiyligi va ularni bajarishning majburiyligi;
davlatning ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash va rivojlantirishga ko‘maklashishi;
qabul qilingan jamoa kelishuvlarining, jamoa shartnomasining, shuningdek ijtimoiy sheriklikning boshqa hujjatlarida ko‘rsatilgan qoidalarning bajarilishi ustidan nazorat;
taraflarning, ular vakillarining o‘z aybi bilan jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi bajarilmaganligi uchun javobgarligi.
Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplarini sanang
mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;
mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;
mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;
mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi;
xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi.
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik darajalari qaysilar?
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik:
boshlang‘ich darajada (tashkilotda yoki jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchida);
hududiy darajada;
tarmoq darajasida;
respublika darajasida amalga oshiriladi.
Ish beruvchi sifatida ish yuritishi mumkin bo'lgan shaxslar va Ish beruvchi sifatida ish yuritishi mumkin bo'lgan jismoniy shaxslar kimlar?
Quyidagilar ish beruvchilar sifatida ish yuritishi mumkin:
mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, tashkilotlar;
tashkilotlarning filiallari, vakolatxonalari yoki boshqa alohida tarkibiy bo‘linmalari (bundan buyon matnda tashkilotlarning alohida bo‘linmalari deb yuritiladi);
jismoniy shaxslar.
Jismoniy shaxslar quyidagi hollarda ish beruvchilar bo‘lishi mumkin:
agar ular yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa;
agar ular o‘ziga xizmat ko‘rsatilishi va uy xo‘jaligini yuritishda yordamlashish maqsadida uy xizmatchilarini yollashni amalga oshirsa;
Ish beruvchilarning birlashish huquqi nima?
Ish beruvchilar o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish, ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish maqsadida oldindan ruxsat olmasdan ixtiyoriy ravishda o‘z birlashmalarini tuzish, shuningdek ish beruvchilar birlashmalariga ularning ustavlarida belgilangan tartibda a’zo bo‘lish huquqiga ega.
Qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud tashkilot ustavida (nizomida) belgilangan hollarda va tartibda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar mehnat shartnomasiga asosan nimalar natijasida yuzaga keladi?
lavozimga saylanish yoki tegishli lavozimni egallash uchun tanlovdan o‘tish;
lavozimga tayinlash yoki lavozimga tasdiqlash;
vakolatli davlat organlari tomonidan ishga yuborish;
O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatiga bo‘lgan huquqqa doir tasdiqnoma berish;
ota-onaning har ikkisining yoki ota-onadan birining (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxsning) roziligi;
ish beruvchining zimmasiga mehnat shartnomasini tuzish majburiyatini yuklatish to‘g‘risidagi sud qarorini qabul qilish;
shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlarni sud tomonidan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb e’tirof etish.
Mehnat shartnomasi tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan taqdirda, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar ish beruvchining yoki uning shunga vakolatli bo‘lgan vakilining ijozati bilan yoki topshirig‘iga ko‘ra xodimga haqiqatda ishlashga ruxsat etilganligi asosida ham yuzaga keladi.