Psixologiya fani nimani o‘rganadi?
Psixologiya insonning ruhiy jarayonlari, holatlari, xususiyatlari va xulq-atvorini o‘rganadi.
Psixologiya so‘zi qaysi tildan olingan?
Yunon tilidan olingan. «Psyche» – ruh, «logos» – ta’limot degan ma’noni anglatadi.
Ong nima?
Ong – insonning borliqni anglash, fikrlash, o‘z xatti-harakatlarini boshqarish va o‘zini anglash qobiliyatidir.
Inson ongining asosiy xususiyatlari nimalardan iborat?
Anglash, fikrlash, maqsad qo‘yish, o‘zini anglash va faoliyatni boshqarish
Psixik jarayonlar deb nimaga aytiladi?
Inson ongida sodir bo‘ladigan bilish va ruhiy faoliyat jarayonlariga aytiladi.
Bilish jarayonlariga nimalar kiradi?
Sezgi, idrok, xotira, tafakkur, xayol, nutq va diqqat.
Ongli faoliyat nima?
Insonning maqsadni anglagan holda, reja asosida bajaradigan faoliyatidir
Diqqat nima?
Diqqat – ongning muayyan obyekt yoki faoliyatga yo‘naltirilishi va jamlanishidir.
Diqqatning qanday turlari mavjud?
Ixtiyorsiz, ixtiyoriy va ixtiyoriydan keyingi diqqat
Ixtiyorsiz diqqat nima?
Insonning maxsus maqsad va harakatisiz, o‘z-o‘zidan biror narsaga e’tibor qaratishidir.
Ixtiyoriy diqqat nima?
Insonning oldindan belgilangan maqsad asosida ongli ravishda diqqatini biror faoliyatga qaratishidir.
Ixtiyoriydan keyingi diqqat nima?
Dastlab iroda kuchi bilan boshlangan, keyinchalik qiziqish tufayli oson davom etadigan diqqatdir
Diqqatning ko‘chuvchanligi nima?
Diqqatni bir faoliyat yoki obyektdan boshqasiga o‘tkazish qobiliyati.
Temperament nima?
Temperament – insonning ruhiy faoliyati va xulq-atvorining tezligi, kuchi hamda hissiy xususiyatlarini ifodalovchi individual xususiyatlar majmuasi.
Temperament turlarini sanab bering.
Sangvinik, xolerik, flegmatik va melanxolik
Sangvinik temperament qanday xususiyatlarga ega?
Sangvinik inson quvnoq, faol, kirishimli, tez moslashuvchan va hissiyotlarini tez namoyon qiluvchi bo‘ladi.
Xolerik temperament qanday xususiyatlarga ega?
Xolerik inson serg‘ayrat, tez hayajonlanuvchan, jo‘shqin, ba’zan jahldor va sabrsiz bo‘ladi.
Flegmatik temperament qanday xususiyatlarga ega?
Flegmatik inson vazmin, bosiq, sabrli, barqaror va sekin harakat qiluvchi bo‘ladi.
Melanxolik temperament qanday xususiyatlarga ega?
Melanxolik inson ta’sirchan, sezgir, tortinchoq, hissiyotlari nozik va ko‘pincha sokin bo‘ladi
Temperament va xarakter o‘rtasidagi farq nima?
Temperament insonning tug‘ma psixofiziologik xususiyatlariga bog‘liq, xarakter esa tarbiya, muhit va hayotiy tajriba ta’sirida shakllanadi.
Xarakter nima?
Xarakter – insonning atrofdagilarga, mehnatga, o‘ziga va jamiyatga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘ladigan individual xususiyatlari majmuasi
Xotira nima?
Xotira – insonning ma’lumotlarni eslab qolish, saqlash va qayta esga tushirish jarayonidir.
Sezgi nima?
Sezgi – narsa va hodisalarning alohida xususiyatlarini sezgi organlari orqali aks ettirish jarayonidir.
Motivatsiya nima?
Motivatsiya – insonni muayyan maqsad sari harakat qilishga undaydigan ichki va tashqi omillar majmuasidir.
Stress nima?
Stress – insonning turli qiyin vaziyatlar, ruhiy yoki jismoniy zo‘riqishlarga nisbatan organizm va psixikasining javob reaksiyasidir.