"Salam" so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda qanday ma'noni anglatadi?
Salam - arab tilidan tarjima qilinganda avans, bo‘nak, taqdim etish va topshirish ma'nolarini anglatadi.
Agar mato buyurtmachining o‘ziga tegishli bo‘lsa va tikuvchi shu matodan kiyim tikib berishni zimmasiga olsa, buyurtmachi xizmat haqining 30 foizini oldindan to‘lasa, bu shartnoma Islom moliyasida qanday ataladi?
Ijara
Shirkatul mufovada qanday xususiyatlarga ega?
Sheriklar kapital, foyda, boshqaruv vakolati va boshqa barcha jihatlarda tenglik asosida ishtirok etishi talab qilinadigan sheriklik
Mudorib import biznesini yuritmoqda. Yetkazib beruvchi unga 200 mln so‘mlik "sodiqlik bonusi" to‘ladi. Mudorib bu mablag‘ni shaxsiy hisobiga o‘tkazib, rabbul molga xabar bermadi.
Savol: Ushbu bonus kimga tegishli? Mudorib uni o‘ziga olib qolishi mumkinmi?
Yo‘q. Agar bonus mudoraba faoliyati doirasida berilgan bo‘lsa, u mudoraba mulki hisoblanadi, mudoribning shaxsiy daromadi emas. Shuning uchun mudorib uni o‘ziga olib qolishi mumkin emas. Bonus mudoraba mablag‘iga qo‘shiladi va realizatsiya qilingan foyda bilan birga shartnomadagi nisbat bo‘yicha taqsimlanadi. Uni yashirish esa xiyonat hisoblanadi.
Katta miqdorda foizli kreditlari mavjud bo‘lgan korxonani murobaha, istisna, salam kabi Islom moliyasi shartnomalari orqali moliyalashtirish joizmi?
Foizli majburiyatlar yoki foiz keltiruvchi aktivlarga (masalan, pul mablag‘lari, omonat yoki kredit) ega bo‘lganlar bilan (xoh ular jismoniy shaxslar bo‘lsin, xoh korxona) savdo-sotiq qilishga ruxsat beriladi. Buning dalili Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam va sahobai kiromlar sudxo‘rlik bilan shug‘ullanuvchi yahudiylar bilan savdo-sotiq qilganliklaridir (aynan savdo-sotiq, ribo bilan bog‘liq biror bir amaliyot emas!). Asosiysi, savdo moli va bitim turi shariatda taqiqlanmagan, savdoga yolg‘on aralashmagan bo‘lishi kerak.
Sardor fermer bilan salam shartnomasi tuzdi va 100 mln so'mni oldindan to'ladi. Biroq tomonlar bug'doy narxini hosil yig'ib olingandan keyin bozor narxiga qarab belgilashga kelishib oldilar.
Savol: Ushbu salam shartnomasi Islom moliyasi qoidalariga muvofiqmi?
Javob: Yo'q. Salam shartnomasida narx shartnoma tuzilayotgan paytda aniq belgilangan bo'lishi kerak.
Mirzo aka buyurtmachi bilan istisno shartnomasi tuzib, eman yog‘ochidan mebel tayyorlab berishga kelishdi. Shartnoma tuzilgan paytda mahsulot narxi 30 000 000 so‘m etib belgilandi. Biroq shartnoma bajarilishi davomida eman yog‘ochi narxi 40 foizga oshib ketdi va Mirzo aka zarar ko‘rishi ma'lum bo‘ldi.
Savol: Ushbu holatda shartnoma narxini bir tomonlama oshirish mumkinmi?
Yo‘q, mumkin emas. Istisno shartnomasida narx shartnoma tuzilganda kelishib olinadi va bir tomon uni bir tomonlama o‘zgartirish huquqiga ega emas. Xomashyo narxining oshishi ishlab chiqaruvchining (Mirzo akaning) tijorat tavakkali hisoblanadi. Narx faqat ikki tomonning o‘zaro roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin.
Ikki tadbirkor mushoraka shartnomasi tuzdi. Birinchi sherik 450 ming AQSh dollari (45%), ikkinchi sherik esa 550 ming AQSh dollari (55%) kapital kiritdi. Tomonlar foydani 50/50 nisbatda taqsimlashga kelishib oldilar. Biroq 45% kapital kiritgan sherik biznes boshqaruvida umuman ishtirok etmaydi, barcha boshqaruv va operatsion ishlarni 55% kapital kiritgan sherik amalga oshiradi.
Savol: Ushbu foyda taqsimoti Islom moliyasi tamoyillariga muvofiqmi?
Passive sherik kiritgan kapital ulushidan ortiq foyda olishga haqli emas.
Sardor (rabbul mol) va Javohir (mudorib) o‘rtasida mudoraba shartnomasi tuzildi. Shartnomaga ko‘ra, agar yillik foyda kapitalning 40 foizidan oshsa, 40 foizgacha bo‘lgan foyda 50/50 nisbatda, undan ortiq qismi esa to‘liq Javohirga (mudoribga) berilishi belgilandi.
Savol: Ushbu shart Islom moliyasi tamoyillariga muvofiqmi?
Ha, ushbu shart Islom moliyasi tamoyillariga muvofiq.
Katta miqdorda foizli kreditlari mavjud bo‘lgan korxonaga sherik yoki aksiyador sifatida sarmoya kiritish joizmi?
Biznesga sarmoya kiritishda, sarmoyador korxona faoliyati, mahsulotlari va moliyalashtirish manbalari shariatga zid bo‘lmasligiga ishonch hosil qilishi kerak. Chunki sarmoyador korxonaning egasi (yoki egalaridan biri) sifatida o‘z korxonasi/biznesi uchun javobgardir.
Shu sababli, islom huquqshunosligida pul mablag‘lari, foizli mahsulotlarning hamda jalb qilingan foizli qarzlarning umumiy mol-mulkdagi ulushiga nisbatan turli cheklovlar o‘rnatiladi
Sement zavodi o‘zining kelgusi 6 oy ichida ishlab chiqaradigan barcha sement mahsulotini sotish yuzasidan eksport qiluvchi korxona bilan salam shartnomasi tuzdi. Shartnomada sementning eksport narxi ham ko‘rsatildi.
Savol: Ushbu salam shartnomasi botilmi yoki yo‘q?
Ushbu shartnomada g‘arar katta, chunki shartnomada asosiy masalalar - mahsulot hajmi, sifati (navi/markasi) va yetkazib berish joyi kabi muhim tafsilotlar kelishilmagan. Shu sababli bu shartnoma botil hisoblanadi.
Ali ustaga 6 oyda qayiq yasab berishni buyurdi. Ishning 70% bajarilgandan so'ng Ali shartnomani bekor qilishini ma'lum qildi.
Savol: Buyurtmachi shartnomani bir tomonlama bekor qila oladimi?
Javob: Yo'q. Ish boshlanganidan keyin istisno shartnomasi odatda majburiy bo'ladi.
Ikki tadbirkor mushoraka (sheriklik) shartnomasi tuzdi. Birinchi sherik biznesga 1 million AQSh dollari miqdorida naqd pul kiritdi. Ikkinchi sherik esa mustaqil baholovchi tomonidan 1 million AQSh dollari deb baholangan tijorat binosini kapital sifatida qo‘shdi. Shunday qilib, shartnoma tuzilgan vaqtda tomonlarning kapital ulushi 50% / 50% etib belgilandi.
Uch yil o‘tib, binoning bozor qiymati 2,5 mln AQSh dollariga yetdi. Shundan so‘ng binoni kiritgan sherik: "Mening kapitalim oshgani uchun sheriklikdagi ulushim ham 50% emas, balki 71,4% bo‘lishi kerak," deya talab qildi.
Savol: Ushbu talab Islom moliyasidagi mushoraka qoidalariga ko‘ra asoslimi?
Ushbu talab asosli emas. Chunki mushorakada kapital ulushi shartnoma tuzilgan paytdagi kiritilgan kapital qiymati asosida belgilanadi. Keyinchalik binoning bozor qiymati oshgani sherikning ulushini avtomatik ravishda 71,4% ga o‘zgartirmaydi.
Sardor rabbul mol sifatida biznesga 200 000 AQSh dollari kapital kiritdi. Jasur esa mudorib sifatida ushbu mablag‘ni boshqarish va biznes faoliyatini yuritish vazifasini oldi.
Bir yil o‘tib, Jasur biznesni kengaytirish uchun qo‘shimcha mablag‘ zarur deb hisoblab, Sardorning roziligini olmasdan boshqa tadbirkordan 50 000 AQSh dollari miqdorida qarz oldi va bu mablag‘ni biznesga sarfladi. Sardor bu holat haqida keyinchalik xabar topdi.
Savol:
Jasurning rabbul mol roziligisiz qarz olishi Islom moliyasi tamoyillariga muvofiqmi? Agar ushbu qarz sababli zarar yuzaga kelsa, kim javobgar bo‘ladi?
Jasurning rabbul mol roziligisiz qarz olishi joiz emas. Chunki mudorib faqat berilgan kapitalni boshqarish vakolatiga ega bo‘ladi, qo‘shimcha qarz olish yoki yangi majburiyat yuklash uchun rabbul molning roziligini olishi kerak.
Agar qarz olish sababli zarar yuzaga kelsa, bu zarar Jasurning zimmasiga tushadi, chunki u vakolatidan tashqarida harakat qilgan. Jasur bunday qaror qabul qilishdan oldin Sardor bilan maslahatlashib, uning roziligini olishi lozim edi.
Mudorib vafot etdi. Uning boshqaruvi ostidagi biznes katta foyda keltirayotgan edi, lekin foyda hali hisob-kitob qilinmagan. Savol: Mudorabaning hukmi qanday bo‘ladi? Mudoribning merosxo‘rlari foydadan ulush oladimi?
Mudoribning vafoti bilan mudoraba shartnomasi tugaydi, chunki u ishonch va vakillikka asoslangan shartnomadir.
Agar vafot etguniga qadar foyda realizatsiya qilingan bo‘lsa, mudoribning ulushi uning meros tarkibiga kiradi va merosxo‘rlariga beriladi. Ammo foyda hali realizatsiya qilinmagan yoki hisob-kitob qilinmagan bo‘lsa, avvalo biznes tugatiladi yoki hisob-kitob qilinadi. Shundan so‘ng aniqlangan realizatsiya qilingan foydadan mudoribning ulushi uning merosxo'rlariga beriladi.
Ali salam shartnomasiga asosan 10 tonna oliy navli bug‘doy uchun may oyida 25 mln so‘mni oldindan to‘ladi. Bug‘doy avgust oyida yetkazib berilishi kerak edi. Biroq avgust oyida fermer bug‘doyni yetkazib bera olmasligini va buning o‘rniga pulni qaytarishini aytdi. Fermer Aliga qancha pul qaytarishi kerak?
Fermer, avvalo, shartnomada kelishilgan bug‘doyni bozordan sotib olib xaridorga yetkazib berishi kerak. Agar bu ham imkonsiz bo‘lsa, xaridorga faqat olgan 25 mln so‘mni qaytaradi. Bozor narxiga qarab ko‘proq yoki kamroq pul qaytarish joiz emas.
Usta buyurtma qilingan mebelni tayyorladi. Buyurtmachi olib ketishidan oldin omborda yong'in chiqib, mebel yonib ketdi.
Savol: Zarar kimning zimmasida bo'ladi?
Agar usta buyurtma qilingan mebelni tayyorlagan bo‘lsa, lekin hali buyurtmachiga topshirmagan yoki olib ketishga tayyorligi haqida xabar bermagan paytda yong‘in chiqib mebel yonib ketsa, zarar ustaning zimmasida bo‘ladi.
Ammo mebel tayyor bo‘lib, buyurtmachiga "kelib olib keting" deb xabar berilgan, shartnomaga ko‘ra ombordan olib ketish kelishilgan va buyurtmachi asossiz kechiktirgan bo‘lsa, risk buyurtmachiga o‘tadi. Bunday holatda tasodifiy yong‘in oqibatidagi zarar buyurtmachining zimmasida bo‘ladi.
Ali va Vali mushoraka shartnomasi asosida biznes boshlashdi. Ali 600 ming AQSh dollari (60%), Vali esa 400 ming AQSh dollari (40%) sarmoya kiritdi. Tomonlar joriy foydani 50/50 nisbatda taqsimlashga kelishishdi. Bir necha yildan so‘ng biznesning umumiy qiymati 2 mln AQSh dollariga yetdi. Tomonlar dastlabki 1 mln dollarni 60/40 nisbatda, qiymati oshgan 1 mln dollarni esa 50/50 nisbatda taqsimlashga kelishishdi.
Savol: Ushbu taqsimot mushoraka shartnomasi qoidalariga muvofiqmi?
Ha, joiz. Biznes qiymatining oshgan qismi foyda hisoblanadi. Agar mushoraka shartnomasida foyda 50/50 nisbatda taqsimlanishi kelishilgan bo‘lsa, 1 mln dollarni ham shu nisbatda bo‘lish mumkin. Dastlabki kapital esa 60/40 nisbatda qoladi.
Aziz rabbul mol (kapital egasi) va Kamol mudorib (boshqaruvchi) o‘rtasida mudoraba shartnomasi tuzildi. Shartnomaga ko‘ra, Aziz biznes faoliyatini moliyalashtiradi, Kamol esa ushbu kapitalni boshqaradi.
Tomonlar foydani taqsimlashda rabbul molga foydaning 2/3 qismi, mudoribga esa 1/3 qismi hamda qo‘shimcha ravishda 100 AQSh dollari berishga kelishib oldilar.
Savol: Ushbu mudoraba bitimi Islom moliyasi tamoyillariga muvofiqmi? Foydani bunday shaklda belgilash joiz hisoblanadimi?
Mudoribga foyda ulushiga qo‘shimcha ravishda 100 AQSh dollari kabi oldindan belgilangan qat’iy summa berish joiz emas.
Besh nafar tadbirkor mushoraka asosida yirik savdo biznesini yuritmoqda. Yil yakunida mushorakaning zakot to‘lanadigan aktivlari qiymati 2,5 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Sheriklardan biri qolgan to‘rt nafar sherikning roziligini olmasdan, ushbu aktivlar uchun hisoblangan zakotni mushoraka hisobidan to‘lab yubordi.
Savol: Sherikning bu harakati islom moliyasi nuqtai nazaridan joizmi? Mushoraka mablag‘idan qolgan sheriklarning roziligisiz zakot to‘lash mumkinmi yoki har bir sherik o‘z ulushiga tegishli zakotni alohida to‘lashi kerakmi?
Asl qoidaga ko‘ra, zakot har bir sherikning zimmasidagi shaxsiy ibodat hisoblanadi. Shuning uchun mushoraka mablag‘idan qolgan sheriklarning roziligisiz zakot to‘lash joiz emas.
Agar barcha sheriklar oldindan mushoraka nomidan zakot to‘lashga vakolat bergan yoki bunga rozilik bildirgan bo‘lsalar, unda zakotni mushoraka hisobidan to‘lash mumkin.
Sardor fermer bilan salam shartnomasi tuzdi. Shartnomaga ko‘ra, u fermerga qiymati 50 mln so‘m bo‘lgan 10 tonna urug‘lik bug‘doyni berdi. Evaziga fermer hosil yig‘ib olingach, Sardorga 20 tonna bug‘doy yetkazib berish majburiyatini oldi. Tomonlar bug‘doyning narxini har bir tonnasi 2 500 000 so‘m etib belgilashdi.
Savol: Ushbu salam shartnomasi Islom moliyasi talablariga muvofiqmi?
Javob: Ushbu shartnoma shariat talablariga muvofiq emas va salam shartnomasi sifatida haqiqiy hisoblanmaydi. Chunki salam shartnomasida to‘lov shartnoma tuzilgan vaqtda pul shaklida to‘liq amalga oshirilishi lozim. Mazkur holatda esa moliyalashtiruvchi fermerga pul o‘rniga 10 tonna urug‘lik bug‘doy bergan. Bundan tashqari, bug‘doyni kelajakda ko‘proq miqdordagi bug‘doy evaziga almashtirish riboviy mahsulotlarda ribo al-fadl va ribo an-nasiyani keltirib chiqaradi. Shu sababli mazkur bitim salam shartnomasi talablariga javob bermaydi.
Ulug‘bek "QuruvchiPro" bilan istisno shartnomasi tuzdi. Shartnomaga ko‘ra, Ulug‘bek 500 kv.m. yer uchastkasini qurilish uchun topshiradi. "QuruvchiPro" esa barcha qurilish materiallari, xomashyo va ishchi kuchini o‘zi ta'minlab, tasdiqlangan loyiha asosida 8 oy ichida 2 qavatli, 300 kv.m. tijorat do‘konini qurib topshiradi. To‘lov o‘rniga "QuruvchiPro" tayyor do‘kondan 5-yil muddat tekinga ijara asosida foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Savol: Ushbu shartnoma Islom moliyasi nuqtai nazaridan joizmi?
Ha, joiz. Ushbu bitim Istisno va Ijara shartnomalarining uyg‘unligidan iborat. QuruvchiPro barcha material va ishchi kuchini o‘zi ta'minlab bino qurib topshirgani uchun bu istisno shartnomasi hisoblanadi. Qurib bo‘lingan do‘kondan ma'lum muddat foydalanish huquqi esa ijara hisoblanadi va pul o‘rniga haq sifatida belgilanishi mumkin.
Aziz va Kamol mushoraka shartnomasi asosida 800 mln so‘m kapital bilan biznes boshlashdi. Aziz 500 mln so‘m (62,5%), Kamol esa 300 mln so‘m (37,5%) sarmoya kiritdi. Tomonlar Kamol biznesni to‘liq boshqarishi, Aziz esa boshqaruvda ishtirok etmasligiga kelishishdi. Shu sababli shartnomada foyda har ikkala sherik o‘rtasida 50/50 nisbatda taqsimlanishi belgilandi.
Oradan olti oy o‘tgach, Kamol: “Biznesni faqat men boshqaryapman, sen esa umuman mehnat qilmayapsan. Shuning uchun foydaning 60 foizi menga, 40 foizi senga berilishi kerak”, deb da'vo qildi.
Savol: Kamolning talabi shariat nuqtai nazaridan asoslimi? Ushbu vaziyatda qanday yo‘l tutish lozim?
Kamolning talabi asosli emas. Chunki u 37,5% kapital ulushini kiritgan bo‘lsa-da, tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida foydaning 50%ini olish huquqiga ega bo‘lgan. Demak, uning biznesni boshqarish va qo‘shimcha mehnat qilishi foyda taqsimotida boshidanoq inobatga olingan. Mushoraka shartnomasida foyda ulushi shartnoma tuzilayotgan vaqtda tomonlarning o‘zaro roziligi bilan belgilanadi va keyinchalik bir tomon uni bir tomonlama o‘zgartira olmaydi.
Mudoraba bitimi asosida biznes faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bir necha yil davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish natijasida korxonaning bozordagi qiymati sezilarli darajada oshdi. Bunga asosan nomoddiy aktivlar, xususan, brend qiymati, mijozlar bazasi, obro'-e'tibor (goodwill) va intellektual mulkning ortishi sabab bo‘ldi.
Savol: Biznes qiymatining nomoddiy aktivlar hisobiga oshishi mudoraba shartnomasida foyda sifatida e'tirof etiladimi?
Yo‘q. Nomoddiy aktivlar (brend, goodwill, mijozlar bazasi va boshqalar) hisobiga biznes qiymatining oshishi, agar u realizatsiya qilinmagan bo‘lsa, mudorabada foyda hisoblanmaydi.
Shuning uchun, agar rabbul mol mudoribni chetlashtirsa, mudorib biznesning oshgan qiymatidan ulush talab qila olmaydi. U faqat chetlashtirilguniga qadar realizatsiya qilingan foydadagi shartnomaviy ulushiga haqli bo‘ladi.
A va B o‘zaro kelishuv asosida mushoraka (sheriklik) shartnomasini tuzdilar. Shartnomaga ko‘ra, har ikki tomon boshlang‘ich kapitalni 50/50 nisbatda kiritishi va olinadigan foyda ham 50/50 nisbatda taqsimlanishi belgilandi.
Faoliyat boshlanganidan so‘ng A o‘z ulushini to‘liq kiritdi va aynan shu mablag‘ hisobiga amalga oshirilgan tijorat natijasida katta foyda olindi. B esa bu vaqtga qadar o‘z kapital ulushini hali kiritishga ulgurmagan edi.
Savol: Olingan foyda faqat A kiritgan mablag‘ evaziga yuzaga kelganini inobatga olgan holda, ushbu foyda tomonlar o‘rtasida qanday taqsimlanadi?
Mushoraka shartnomasi tuzilgach, sheriklardan biri kiritgan mablag‘ ham umumiy sheriklik kapitalining bir qismi hisoblanadi. Shuning uchun foyda faqat A mablag‘i evaziga olingan bo‘lsa ham, u shartnomada kelishilgan nisbat (50/50) bo‘yicha taqsimlanadi. Zarar esa kapital ulushiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Bunday holatlarda kelishmovchiliklarning oldini olish uchun tomonlar kapitalni o‘z vaqtida kiritishlari yoki barcha ulushlar to‘liq shakllangandan keyingina biznes faoliyatini boshlashlari maqsadga muvofiqdir.